Thursday, April 7, 2011

Mustaqillik tengdoshlari: mustaqilmisiz? – ozodlik.org « Qulnoma


Islom Karimov "mustaqillik bolalari" bilan suhbatlashmoqda.

07.04.2011

O'zbekiston rasmiy mustaqilligidan so'ng suyagi qotgan yangi avlod dunyoga qarashida mustaqil bo'la oldimi?

Farmoni Oliy: Bu yilgi bayram yanada kattaroq bo'lsin….

6 aprel kuni Islom Karimov "O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 20 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida"gi qarorga imzo chekdi. Prezident qaroriga ko'ra, mustaqillikning 20 yillik tantanalari "Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!" degan shior ostida o'tadi.

"Bu yil Vatanimiz mamlakatimiz istiqlolining shonli sanasini – milliy mustaqilligimizning 20 yilligini baland ruh va ko'tarinki kayfiyat bilan kutib olishga tayyorgarlik ko'rmoqda" deya boshlangan bu qarorda O'zbekistonda "demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o'tkazish va rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olish yo'lida erishgan marralar jahon ahlini haqli ravishda hayratda qoldirayotgan"i ta'kidlanadi.

Qarorga muvofiq, bu galgi bayram tadbirlari o'zbekistonliklar, xususan, "yosh avlod qalbida chuqur taassurot qoldiradigan yuqori saviyada o'tkazish maqsadida" butun mamlakat miqyosida tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'rifiy tadbirlar hamda targ'ibot-tashviqot ishlari o'tkazish haqida ko'rsatma berilgan.

Bu tadbirlarga ayniqsa yosh avlodni faol jalb etish alohida ta'kidlangan bu qarorda, o'quvchi va talabalar o'rtasida "Barkamol avlod", "Biz 20 yoshdamiz" deb nomlangan forum va musobaqalar o'tkazish lozimligi aytiladi.

Mustaqillik bayramlari mafkuraviy vazifasini ado qilayotirmi?

O'zbekistonda mustaqillik kuni 19 marta dabdaba va as'asa bilan bayram qilindi, mustaqillik davrida tug'ilib ulg'aygan bir avlodga 19 yildan beri "O'zbekiston kelajagi buyuk" davlat deya she'r va qo'shiqlar ayttirildi. Bu kabi targ'ibot-tashviqotu bayram tadbirlari mustaqillik davrida shakllangan yangi avlod shuuriga mustaqil vatandan faxrlanish hissini qanchalik singdira oldi?

O'zbekiston prezidenti imzo chekkan farmonda mamlakat mustaqilligining 20 yilliga bag'ishlangan bayram tadbirlarini vatandoshlar, xususan, yosh avlod qalbida chuqur taassurot qoldiradigan yuqori saviyada o'tkazish lozimligi aytiladi.

Garchi bu galgisi misli ko'rilmagan ko'lam va darajada o'tkazilsa-da, O'zbekiston mustaqilligi bayrami o'zbekistonliklar, xususan mustaqillik tengdoshlari uchun yangi hodisa emas. Ko'z ochgandan beri ular hayoti mamlakatda eng ko'p va xo'b nishonlanadigan bayram aynan mustaqillik sanasi ekaniga guvohdir.

"Ammo bu bayramlar, O'zbekistonda ko'pchilikni tashkil etadigan qishloq yoshlari ruhiga na mustaqil mamlakatda tug'ilib o'sgandan faxrlanish hissini va na vatanni sevish tuyg'usini sola oldi", deydi Qashqadaryo qishloqlaridagi maktablardan birining ismi aytilishini istamagan o'qituvchisi.

- Bu faqatgina safsata gapdan boshqa narsa emas. Mening qog'ozga rahmim keladi, boshqa hech narsaga emas. Alohida faxr faqat tilida-da, dilida emasda. Dili-da endi, bizning qishloq sharoitini olib qaraydigan bo'lsak, birinchi o'rinda nonni o'ylatib qo'ygan. Qorin och bo'lgandan keyin faqat she'rini aytadi, qo'shig'ini aytadi, "Hech kimga bermaymiz, seni O'zbekiston!" deydi. Vatan deyishimiz mumkinku, lekin ular kunining o'tishini o'ylaydi faqat. Ana endi, masalan, maktabga keladi, ketadi. Tilida boshqa gap, dilida boshqa gap, deydi mustaqillik davrida ulg'aygan qishloq yoshlari portretini chizishga uringan qashqadaryolik o'qituvchi.

Poytaxtdan tarqaladigan targ'ibot-tashviqot ruhiga Qashqadaryodan ko'ra yaqinroq bo'lgan Jizzax yoshlariga ham mustaqillik bayrami munosabati bilan o'tkazib kelinayotgan tadbirlar buyuk vatanda yashashdan baxtiyorlik hissini singdira olmadi, deydi xavfsizlik nuqtai-nazaridan o'z ismi keltirilmasligini so'ragan jizzaxlik o'qituvchi.

- Mustaqillik bo'yicha bolalar taassuroti bor, lekin ko'proq ish bilan bo'lib ketadi-da bolalar. Sababi, bizlarda kompyuterlashtirilgan sinfning o'zi yo'q. Kompyuter bo'yicha bolalarning taassuroti yo'qda. Avvalgi dars tizimidan zamonaviy dars tizimiga kamdan kam o'qituvchilar o'tgan.

Bayramlarning bo'lgani yaxshi, lekin undan xalqimiz ham ko'proq manfaatdor deymizmi, xalqimiz ham ko'p qatnashsa deyman-da. Bu erda ko'proq kattalar qatnashadi-da. Adabiy kechalar, konkurs, musobaqalar bo'lib turgani yaxshi. Bizlarning qishloq joylarida musobaqalarga borib kelish qiyin, der ekan o'zi yashayotgani qishloq yoshlarida na "buyuk vatanni aylanib ko'rish, va na kompyuter deb atalgan sehrli quticha orqali dunyodan xabardor bo'lish imkoni yo'qligini ta'kidlaydi bu suhbatdosh.

Bayramlarga qo'yilmagan mustaqillik bolalari…

Islom Karimov o'z chiqishlarida "mustaqillik bolalari" degan iborani ko'p ishlatadi. Ana shunday bolalardan biri, aniqrog'i, mustaqillik tengdoshi Abdulla necha avlod o'zbeklar orzu qilgan suveren davlatda yashayotganidan farxlanishini aytadi.

- Faxr, masalan, mustaqillik vaqtida tug'ilganimiz uchun faxrlanaman. Toshkentga borganman, Samarqand, Qashqadaryoda bo'ldim. Men xursand bo'lganim mustaqillikdan keyin tariximiz o'zimizga qaytdi-da. Madaniy yodgorliklar qaytadan ta'mirlandi. Bu biz uchun eng katta baxt. Islom olamida eng buyuk allomalarning ziyoratgohlari obodonlashtirildi, der ekan Abdulla mustaqillikning shu paytga qadar o'tkazilgan 19 bayramiga o'zi kabi oddiy xalq bolalari qo'yilmagani bunday faxr tuyg'usiga bir oz achchiq ta'm berishini aytadi.

- Mustaqillik bayramida qatnashmaganman biror marta. Besh yil oldin bir borgan edim. Kiritmagan edi o'shanda. Mustaqillik maydoniga borgan edim, kiritmagan edi, deydi Abdulla.

Mustaqillik bolalari mustaqillik nimaligini bilmaydi…

"Mustaqillik bolalari uchun mustaqillik, mustaqil davlat degan so'z va iboralar nimani anglatadi, ular bu tushunchalarni qanday tushunadilar?", deb so'raymiz mustaqillik tengdoshi Abdulladan.

- To'g'risi tushunmaydi. Biz qatoridagilar mustaqillik nimaligini ham bilmaydi. Mustaqillik bu mamlakatda erkin yashash-da. Masalan, O'zbekiston mustaqillikka erishganiga 20 yil bo'lgan bo'lsa, so'z erkinligi yo'q hali ham. Keyin qonun ustuvorligi umuman yo'q. Hamma joyda bir xil emas qonun ustunligi. Mamlakatda iqtisodiyot bir xil rivojlanmagan. O'zbeklarda "Och qornim tinch qulog'im" degan bir gap bor. Shu aqidaga amal qiladi o'zbeklar. Nohaqlik ko'rgan joyda jahlim chiqib fikrimni aytib kelganman. Jismoniy jihatdan kaltak eganim yo'q-ku, ma'naviy jihatdan ko'p kaltak edim. Ma'naviy jihatdan kaltak eyaverib o'rganib ham qoldim, deydi O'zbekistondagi yuzlab kollejlaridan biri talabasi Abdulla.

Men nechun sev(may)aman O'zbekistonni?

19 yildan beri mustaqil vatan haqida aytilayotgan qo'shiqlar, to'qilayotgan she'rlar, qilinayotgan ma'ruzalar, o'tkazilayotgan dabdabali bayramlarga qaramay, nega mustaqillik tengdoshi Abdulla aytgan kabi, aksar yoshlarda mustaqil vatandan faxrlanish hissi shakllanib ulgurmadi?

"YOsh avlodda iftixor shakllanishi uchun amalda iftixorga arziydigan ishlar bo'lishi kerak. O'zbekistonda ana shu yo'q", deb gap boshlaydi o'zbekistonlik pedagog olim Abdulla Abdurazzoq.

- Hozir o'tmishni qo'msash bor. Hattoki sovet ittifoqini qo'msovchilar bor. Buni ham tushunish kerak. Chunki o'sha vaqtda har bir ittifoq grajdani butun sovet ittifoqi bo'yicha erkin harakatlana olar edi. U yog'i Boltiqbo'yi respublikalari, bu yog'i Uzoq Sharq keng bir maydonda harakatlana olar edi. Hozir hammasi o'zining qobig'iga o'ranib, tikanli sim tortib, qamoqxonalarga aylantirib olishdida hududlarni bo'lib-bo'lib, qamoqxonaga aylantirib olib, "Yashasin ozodlik, yashasin mustaqillik" deydi. Bu mustaqillik emas, bu ozodlik emas. Har bir odam iskanjada. Har bir odam erkin emas.

Avvalo insoning ichki ruhiyatida ozodlik, erkinlik yo'q. Fikrlar erkinligi, tuyg'ular erkinligi, insoniylik erkinligi yo'q. Nog'ora sasining uzog'i yaxshi, degan bir satr bo'lardi. Nog'ora bilan qoqib shovqin-suron kattaku, amalda hech narsa yo'q. Hammasi gapda quruq shior. Ozodlik, mustaqillik, ozodlik, mustaqillik, amalda hech narsa yo'q. Karimovning mana shu gapi odamlarning joniga tekkan, zig'ir yog'dek ko'ngliga urgan, deydi o'zbekistonlik pedagog olim Abdulla Abdurazzoq.

Vatan muqaddas, ammo buyuklikka hali ko'p bor….

Prezident Karimovning 6 aprel kungi qaroriga muvofiq, tez kunlarda butun O'zbekiston bo'ylab maktabu kollejlar, oliygohlaru boshqa dargohlarda mustaqillikning 20 yilligiga bag'ishlangan tarbirlar boshlanib ketadi. Yana ming-minglagan o'quvchi-talaba saraton issig'ida O'zbekistonning kattayu kichik shaharlari markazidagi Mustaqillik maydonlarida "Hech kimga bermaymiz seni O'zbekiston!", "Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!" degan satrlarni jo'rovoz bo'lib kuylash mashqini olishadi.

"Agar ixtiyor menda bo'lsa, men bunday maydonlarga chiqib, bunday nosamimiy qo'shiqlarni kuylamagan bo'lardim", deydi mustaqillik tengdoshi Abdullajon.

- "Bu muqaddas Vatanda azizdir inson", debmi? Vijdonan bo'lsa yo'q. Vijdonan chiqadigan bo'lsam, aytmasdim. Hozirgi paytda O'zbekiston aholisining deyarli ko'pchiligi Rossiyada qul bo'lib yuribdi. Men shu narsani ko'rib turib bayramga chiqib olib maqtasam, qanday bo'ladi u? Xuddi o'lganning ustidan tepganday bo'ladi-da.

Odamning tug'ilgan joyi, kindik qoni to'kilgan joyi muqaddas sanaladi. Vatanimni yaxshi ko'ramanu, lekin shu jamiyatdagi bo'ladigan ishlarni ko'rib ko'nglim behuzur bo'lib ketadi, deydi ko'p tengdoshlaridan farqli haqni aytishga jur'at qilgani uchun, allaqachon ma'naviy zarbalar mazasini tatib ko'rganini aytgan mustaqillik tengdoshi Abdullajon.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/3550317.html

 

 

Possibly related posts: (automatically generated)

Hamkorlikning yangi imkoniyatlari – O'zAIslom Karimov Moskvada muzokara boshladi – ozodlik.orgKarimov Germaniya vazirini qabul qildi – ozodlik.orgShuhrat AHMADJONOV (2)

No comments:

Post a Comment